Generallar ham qutula olmadi: Xitoyda ikki yuqori martabali harbiy haydaldi
Generallar partiyaga sadoqatsizlik, guruhbozlik, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish va korrupsiyada ayblangan.

Xitoyda ikki yuqori martabali harbiy — Markaziy harbiy komissiya raisining sobiq o‘rinbosari Chjan Yusya va komissiya aʼzosi, Birlashgan shtab boshqarmasining sobiq boshlig‘i Lyu Chjenli Kommunistik partiya hamda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi safidan chiqarildi.
Reuters xabariga ko‘ra, qaror Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosining Si Szinpin raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishidan so‘ng qabul qilingan. Ularning ishlari keyingi huquqiy ko‘rib chiqish va tergov uchun harbiy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Rasmiy maʼlumotlarda generallar siyosiy intizom va qoidalarga jiddiy rioya qilmaslik, guruhlar va fraksiyalar tuzish, partiyaga sadoqatsizlik, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish hamda korrupsiyada ayblangan.
Shuningdek, Xitoy rasmiylari ularning siyosiy va iqtisodiy qonunbuzarliklari o‘zaro bog‘liq bo‘lganini, korrupsiya orqali shaxsiy manfaat orttirish holatlari xizmat vazifalarini bajarmaslik va mansab vakolatlaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lganini bildirgan.
Chjan Yusya va Lyu Chjenliga nisbatan tergov yanvar oyida boshlangan. Avgust oxirida esa ular Markaziy harbiy komissiya tarkibidan chiqarilgan edi.
Chjan Yusya Xitoyning yuqori martabali harbiylaridan biri bo‘lib, uzoq vaqt davomida Si Szinpinga yaqin shaxs sifatida ko‘rilgan. U, shuningdek, Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi aʼzosi bo‘lgan. Lyu Chjenli esa Markaziy harbiy komissiya aʼzosi va Birlashgan shtab boshqarmasi rahbari lavozimlarida ishlagan.
Mazkur ish Si Szinpin 2012-yilda hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Xitoyda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kampaniya doirasidagi navbatdagi yirik chora bo‘ldi. So‘nggi yillarda ushbu kampaniya Xitoy armiyasining yuqori martabali rahbarlarini ham qamrab olgan.
Reuters maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi qarordan keyin Xitoyning Markaziy harbiy komissiyasidagi yetti nafar aʼzodan atigi ikki nafari, jumladan, Si Szinpinning o‘zi qolgan.








