Ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik: yangi portal ishga tushiriladi
O‘zbekistonda ish joylarida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhit yaratishga qaratilgan yangi dastur amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlashga qaratilgan yangi dastur bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, dastur davlat organlari va tashkilotlarida, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarda hamda ularning ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda joriy etiladi. Shuningdek, dastur boshqa korxona, tashkilot va muassasalarda ham bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
2026-yil 1-dekabrgacha “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portali ishga tushiriladi.
Portal orqali ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni onlayn yuborish, ularni ko‘rib chiqish, dalillarni to‘plash, xulosalar tayyorlash va axborot almashish imkoniyati yaratiladi.
Mas’ul xodimlar yoki rahbarlar tomonidan sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari haqidagi murojaatlar esa avtomatik ravishda tegishli tashkilotning yuqori turuvchi instansiyasiga yuboriladi.
Shuningdek, murojaatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar, ularning natijalari va ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar portalda saqlanadi. Ularning o‘chirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar murojaatda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa, u qonunchilikda belgilangan tartibda “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organga yuboriladi.
Qaror bilan Boshqaruv samaradorligi agentligiga portal orqali monitoring o‘tkazish va aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati ham berildi.
Bundan tashqari, mehnat jamoalarining ichki mehnat tartibi qoidalarida qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlangan jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik holatlarini mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzish sifatida baholash tavsiya etildi.
Xodim tomonidan yoki xodimga nisbatan sodir etilgan tazyiq, ruhiy bosim, kamsitish hamda murojaat qilgani uchun ta’qib qilish holatlarini esa mehnat intizomini buzish sifatida baholash tavsiya qilindi.








