Dunyo non narxi oshishiga tayyorlanmoqda: bug‘doy narxi 40 foizga ko‘tarildi
Bunga Qora dengiz orqali Rossiya va Ukrainadan don yetkazib berishdagi uzilishlar sabab bo‘lmoqda.

Kemalar va port infratuzilmasiga uyushtirilgan hujumlar sabab bug‘doyning jahon bozoridagi narxi keskin oshdi. Ushbu hujumlar iyul oyidan beri Qora dengiz mintaqasidan yuk tashishni deyarli to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
23-sentyabr holatiga ko‘ra, Chikago birjasida bug‘doy fyucherslari iyun oyidagi eng past ko‘rsatkichlarga nisbatan 40 foizga oshib, uch yarim yildagi eng yuqori darajaga yetdi.
Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi yirik importchilar Ukraina va Rossiyadan bug‘doy yetkazib berilishiga umid qilgan edi. Biroq hozir ular muqobil yetkazib beruvchilarni izlashga majbur bo‘lmoqda.
Ko‘plab xaridorlar Qora dengiz orqali don yetkazib berishni qayta tiklash imkonini beradigan kelishuvga umid qilib, bir necha oy davomida xaridlarni kechiktirdi. Endilikda ularning mahalliy zaxiralari, ayniqsa importga qaram Osiyo mamlakatlarida, kamayib bormoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirigacha mavjud don uchun raqobat yanada kuchayishi mumkin. Bu davrda Janubiy yarimsharda yangi hosil bozorga chiqa boshlaydi. Ungacha esa narxlar yanada oshishi kutilmoqda.
Bug‘doy narxining ko‘tarilishi, shuningdek, don importiga eng ko‘p qaram bo‘lgan mamlakatlarda oziq-ovqat inflyatsiyasining yangi to‘lqinini yuzaga keltirishi mumkin.








