Endi O‘zbekistonda chiqindi topshirib pul ishlash mumkin
Respublikada ilk bor plastik, shisha va alyuminiy idishlarni topshirish evaziga pul to‘laydigan fandomatlar ishga tushirildi. Ushbu uskuna hajmi va turidan qatʼiy nazar har bir idish uchun 150 so‘mdan rag‘bat puli to‘laydi.

Bugun, 23-sentyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida hamda Surxondaryo viloyati markazida chiqindilarni topshirish evaziga pul to‘laydigan fandomatlar ishga tushdi. Zamon.uz muxbiri Toshkent shahrida o‘rnatilgan fandomatning taqdimot tadbirida ishtirok etdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, loyiha Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ichimlik idishlarini avtomatik yig‘ish va saralash texnologiyalari sohasida 50 yildan ortiq tajribaga ega mazkur kompaniya ushbu yo‘nalishdagi jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi.
Fandomat plastik va shisha butilkalar hamda alyuminiy ichimlik idishlarini avtomatik qabul qilib, ularni keyinchalik qayta ishlash uchun alohida yig‘ish va saralashga xizmat qiladi. Foydalanuvchi idishlarni topshirishda quyidagi ikki imkoniyatdan birini tanlaydi.
Birinchi imkoniyat – har bir idish uchun 150 so‘m olish. Plastik butilka, shisha butilka yoki alyuminiy ichimlik idishi bo‘lishidan qatʼi nazar, qurilma tomonidan qabul qilingan har bir dona idish uchun bir xil – 150 so‘m miqdorida pul rag‘bati beriladi.
Ikkinchi imkoniyat – xayriyaga hissa qo‘shish. Foydalanuvchi pul rag‘batini olish o‘rniga xayriya yo‘nalishini tanlashi mumkin. Ushbu yo‘nalish orqali yig‘ilgan idishlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar xayriya maqsadlariga hamda daraxt ekish tashabbuslariga yo‘naltiriladi.
Loyihaning ijtimoiy ahamiyati ham muhim: u chiqindilarni saralashni kundalik odatga aylantirish, yosh avlodda tabiatga masʼuliyatli munosabatni shakllantirish hamda fuqarolarning ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan. Pul rag‘bati va xayriya imkoniyatining bir tizimda birlashtirilishi esa ekologik masʼuliyatni shaxsiy manfaat va jamoat foydasi bilan uyg‘unlashtiradi.
Pilot loyiha muvaffaqiyatli natija bergan taqdirda, fandomatlarni Toshkent shahri hamda respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylar va ko‘chalarga bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.








