“Nega Nyu-Jersini bermaysiz?”: Suriya prezidenti Trampga Nyu-Jersini Isroilga berishni taklif qildi
Ash-Shara Golan tepaliklari masalasida Tramp bilan qilgan hazilini Nyu-Yorkdagi Atlantika Kengashi tadbirida so‘zlab berdi.

Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa Donald Tramp bilan Oq uydagi uchrashuvi chog‘ida Golan tepaliklari masalasida Nyu-Jersi shtatini Isroilga berishni hazil tariqasida taklif qilganini aytdi.
Ash-Sharaa bu voqeani 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda Atlantika Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, Tramp Golan tepaliklari Isroil suvereniteti ostida ekanini aytganida, u AQSh prezidenti bilan hazillashgan.
“Golan tepaliklari sizniki emas, ammo Nyu-Jersi sizniki”, deya ash-Sharaa Trampga murojaat qilganini aytdi. U Nyu-Jersida Trampni qo‘llab-quvvatlamaydigan demokratlar ko‘pligini ham hazil tariqasida qo‘shimcha qilgan.
Suriya rahbari hazildan so‘ng Golan tepaliklari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ham aniq bayon qilgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur hudud Suriyaga tegishli va uni boshqa davlatga topshirish masalasida hech bir davlat rahbari yakka tartibda qaror qabul qila olmaydi.
“Golan tepaliklari o‘z xalqiga tegishli. Shuning uchun na Suriya prezidenti, na Amerika prezidenti, na boshqa hech kim ularni topshirishga haqli”, deya ash-Sharaa o‘z pozitsiyasini bildirgan.
Golan tepaliklarining maqomi Suriya va Isroil o‘rtasidagi asosiy bahsli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Isroil hududning katta qismini 1967-yilgi Olti kunlik urush vaqtida egallagan. 1981-yilda esa Isroil bu hududga o‘z qonunlarini bir tomonlama tatbiq etgan. BMT Xavfsizlik Kengashi 497-rezolyutsiya bilan mazkur qarorni xalqaro huquq nuqtayi nazaridan haqiqiy emas deb topgan.
2019-yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSh Isroilning Golan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olgan. Hozirgi Suriya rahbari esa hudud Suriyaga tegishli ekanini qayd etmoqda.
Ash-Sharaa, shuningdek, Suriya va Isroil o‘rtasida AQSh vositachiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, tomonlar ayrim masalalarda kelishuvga yaqinlashgan, biroq yakuniy kelishuvga hali erishilmagan.








