Oltin va kumush tangalar: Samarkanddagi Shaxmat olimpiadasi uchun esdalik tangalari sotuvga chiqariladi
Esdalik tangalari 31,1 grammdan bo‘lib, cheklangan miqdorda zarb etilgan.

Samarqandda o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan esdalik tangalari sotuvga chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, esdalik tangalari 999,9 asillik darajasidagi sof oltin va kumushdan tayyorlangan. Har bir tanganing vazni 31,1 grammni tashkil etadi.
Tangalar cheklangan miqdorda — turiga qarab 100 va 500 donadan zarb etilgan.
Ularni ikki donalik maxsus kolleksion to‘plam shaklida yoki alohida xarid qilish mumkin.
Esdalik tangalarining sotuv narxi hamda qaysi banklarda mavjud bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
Shuningdek, Markaziy bank rasmiy saytida “46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi — Samarqand 2026” esdalik tangalariga bag‘ishlangan alohida sahifa ham ochilgan.








