O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov 79 yoshida vafot etdi
Taniqli fermer vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston Qahramoni, taniqli fermer Parda Ziyatov 23-sentabr kuni 79 yoshida vafot etdi.
Parda Ziyatov 1947-yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida tug‘ilgan. Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshlagan. Keyinchalik mazkur xo‘jalikda brigada boshlig‘i va shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi kabi lavozimlarda ishlagan.
2003–2018-yillarda Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan. U agrar sohadagi islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, paxtachilik va g‘allachilikda ilg‘or tajribalarni joriy etishga katta hissa qo‘shgan.
Parda Ziyatov ko‘plab yoshlarga ustozlik qilib, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shgan.
U 1990–1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi, shuningdek, ko‘p yillar davomida xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritgan.
Parda Ziyatov hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, aholi turmush sharoitini yaxshilash, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etgan.
Nafaqaga chiqqanidan keyin ham qishloq va mahallalarni obod qilish, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida faol bo‘lgan.
Parda Ziyatovning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib e’tirof etilib, unga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilgan.
O‘zbekiston Qahramoni, mehnat faxriysi va qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyisi Parda Ziyatovning xotirasi qalblarda hamisha saqlanib qoladi.
Parda Ziyatov vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov hamda davlat va jamoat arboblari tomonidan hamdardlik bildirildi.








