Qimmatbaho sovg‘alar ishi: Janubiy Koreyada sobiq birinchi xonimning qamoq jazosi qisqartirildi
Kim Geon Xi qimmatbaho sovg‘alarni mansab tayinlovlari va boshqa xizmatlar evaziga olganlikda ayblangan.

Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Geon Xining qamoq jazosi 7 yildan 5 yilga qisqartirildi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
Seul Oliy sudi Kim Geon Xiga nisbatan chiqarilgan quyi sud hukmini qisman bekor qilib, uni qimmatbaho sovg‘alarni mansab tayinlovlari va boshqa xizmatlar evaziga olganlik bilan bog‘liq ish bo‘yicha 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Kim Geon Xi sobiq prezident Yun Sok Yolning rafiqasi bo‘lib, unga 2022–2023-yillarda turli shaxslardan qimmatbaho sovg‘alarni olgani va buning evaziga mansab tayinlovlari hamda boshqa masalalarda yordam ko‘rsatgani bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Unga Van Cleef & Arpels zargarlik buyumlari, Vacheron Constantin soati, Dior sumkasi, oltin toshbaqa haykalchasi va taniqli rassom Li Ufanning kartinasi kabi qimmatbaho buyumlarni olgani bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Apellyatsiya sudi Vacheron Constantin soati hamda Joson davriga oid rasm nusxasini olish bilan bog‘liq epizodlar bo‘yicha Kim Geon Xini oqladi. Sud qolgan ayblovlar bo‘yicha esa hukmni o‘z kuchida qoldirdi.
Shuningdek, sud qimmatbaho sovg‘alarni musodara qilish hamda 24,4 million von miqdoridagi mablag‘ni davlat foydasiga undirish haqida qaror chiqardi. Quyi sud bu summa uchun 64,8 million von miqdorida undirish belgilagan edi.
Kim Geon Xi tomonining advokatlari 23-sentabr kuni ushbu qaror ustidan Janubiy Koreya Oliy sudiga apellyatsiya bergan. Maxsus prokurorlar guruhi ham ishni yuqori instansiyaga olib chiqish masalasini ko‘rib chiqmoqda.








