Sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas: Konstitutsiyaviy sud qaror chiqardi
Shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turishga imkon beruvchi norma Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topildi.

Konstitutsiyaviy sudning 22-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida shaxsni ma’muriy tartibda ushlab turish muddatiga oid norma ko‘rib chiqildi. Majlisda Oliy Majlis, Hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ombudsman, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsmanning murojaati asosida ko‘rib chiqilgan. Unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismining Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan masala qo‘yilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar ayrim holatlarda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turilishi mumkin edi.
Biroq Konstitutsiyaning 27-moddasida shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilangan.
Konstitutsiyaviy sud mazkur normada 48 soatdan ortiq ushlab turish zarurati tug‘ilganda sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmaganiga e’tibor qaratdi.
Shu asosda sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli normasini Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq emas, deb topdi.
Qarorda, shuningdek, shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorni xabardor qilish yoki prokuror sanksiyasi sud qarorining o‘rnini bosa olmasligi qayd etildi.
Mazkur qaror shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, sud nazoratini kuchaytirish hamda ma’muriy ushlab turish tartibini Konstitutsiya talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan.








