Tramp rejasi: AQSH, Daniya va Grenlandiya kelishuv imzoladi
Kelishuv AQSHning Grenlandiyadagi harbiy infratuzilmasini kengaytirish imkonini beradi.

Donald Tramp, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen Arktika va Shimoliy Atlantika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan kelishuvni imzoladi.
Hujjat 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida imzolangan. Kelishuv AQSHning Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini kengaytirish imkonini beradi.
Kelishuvga ko‘ra, AQSHning Grenlandiya shimoli-g‘arbidagi Pituffik kosmik bazasidagi faoliyatini modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek, Narsarsuaq va Mestersvig hududlarida yangi mudofaa obyektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hujjat qo‘shimcha mudofaa hududlarini yaratish imkonini ham beradi.
Shuningdek, AQSH harbiy samolyotlarining Grenlandiya hududi va uning hududiy suvlari ustidan parvoz qilishi va qo‘nishi, suvosti yo‘llaridan foydalanishi bo‘yicha imkoniyatlar kengayadi.
Kelishuvda NATOga aʼzo bo‘lmagan davlatlarning Grenlandiyada harbiy baza yoki doimiy harbiy ishtirok o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymaslik ham nazarda tutilgan. Bunday masalalar bo‘yicha Daniya, Grenlandiya va AQSHning roziligi talab etiladi. NATOga aʼzo bo‘lmagan davlatlarning ayrim strategik sohalarga investitsiyalariga ham cheklovlar qo‘yiladi.
AQSH prezidenti kelishuv AQSHga Grenlandiya xavfsizligi va Shimoliy Amerika mudofaasini taʼminlash uchun zarur imkoniyatlarni berishini taʼkidlagan.
Daniya va Grenlandiya hukumatlari esa kelishuv mamlakat va hududning suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini hurmat qilishini qayd etgan. Shuningdek, Grenlandiya xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi tan olingan.
Kelishuv Grenlandiyaning Daniya Qirolligi tarkibidagi avtonom hudud maqomini o‘zgartirmaydi. Hujjat kelajakda Grenlandiya mustaqillikka erishgan taqdirda ham amal qilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi kelishuv AQSHning Grenlandiyadagi mavjud harbiy infratuzilmasini kengaytirish bilan birga, Arktikadagi mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha AQSH, Daniya va Grenlandiya hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan.








