Yangi terminal va 3,5 mln yo‘lovchi: Andijon aeroporti imkoniyatlari kengaytiriladi
Andijon xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasining 1,1 trln so‘mlik ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1 ming nafargacha oshadi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifini aeroportdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshladi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari bundan uch yil avval Andijonga tashrifi chog‘ida aeroportni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan. O‘tgan yilgi tashrif davomida ham rekonstruksiya jarayonini ko‘zdan kechirgan.
1978-yilda foydalanishga topshirilgan va 2013-yilda xalqaro maqom olgan Andijon aeroportining umumiy maydoni 243,4 gektarni tashkil etadi. Hozirda bu yerda 100 nafar xodim mehnat qilmoqda.
Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trln so‘mga teng.
Loyihaning birinchi bosqichida aeroport infratuzilmasi yangilandi. Jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi.
Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi o‘rnatilishi natijasida samolyotlarni tungi vaqtda hamda quyuq tuman sharoitida xavfsiz qabul qilish imkoniyati yaratildi. Ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqargan holatda ham havo kemalarini qo‘ndirish mumkin.
Shuningdek, aeroport endilikda keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega.
Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida umumiy maydoni 19 ming 685 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi qurilmoqda.
Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 200 nafardan 1 ming nafargacha, ya’ni besh barobarga oshadi. Shuningdek, hududda yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va aqlli xizmatlar joriy etiladi.
Davlat rahbariga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi ham taqdim etildi. Prezident terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda 7 ta aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2,5 mingtagacha, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini esa yiliga 3,5 mln nafargacha yetkazish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan loyihalar viloyat aholisi va mehmonlari uchun transport qulayligini oshirish, hududning iqtisodiy hamda turistik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Aeroport atrofida zamonaviy servis obyektlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.








