1 ming gektar va 7 mlrd dollar: Andijonda kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi
Andijonda joriy yil uchun rejalashtirilgan 3,5 mlrd dollarlik investitsiyalar tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.

Prezident raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga ularning sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasi muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, yaqinda sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 milliard dollar investitsiya jalb etish va kamida 70 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratishga xizmat qilishi kerak.
Shu bilan birga, joriy yil uchun rejalashtirilgan 3,5 milliard dollarlik investitsiyalarning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.
Yig‘ilishda axborot texnologiyalari sohasida xizmatlar eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, uning texnologik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, zamonaviy texnologiyalarni olib kiradigan va barqaror ish o‘rinlarini ta’minlaydigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.








