“Do‘stlik”dan ikki barobar katta: Qirg‘iziston bilan yangi chegara posti ochiladi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yangi ochiladigan post yuk tashish muddatini bir haftaga qisqartirishi kutilmoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida “Do‘stlik” chegara postiga nisbatan ikki barobar katta bo‘lgan yangi “Keskanyor” chegara postini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yangi chegara postining loyihasi uch oy ichida ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng qurilish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.
“Keskanyor” postining ishga tushirilishi Qirg‘iziston bilan chegaradagi yuk tashish hajmini 2–3 karra oshirish hamda yuklarning yetkazib berilish muddatini bir haftaga qisqartirish imkonini beradi.
Yangi transport oqimini hisobga olib, 78 kilometr uzunlikdagi “Xonobod – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini loyihalashga ham kirishiladi.
Shuningdek, shu oydan “Toshkent – Andijon” yo‘nalishida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Natijada ushbu yo‘nalishda safar vaqti 6 soatdan 4 soatgacha qisqardi.
Kelgusi yilda esa “Toshkent – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash rejalashtirilgan.








