Germaniya qazilma yoqilg‘idan voz kechadi: jarayon 2045-yilgacha yakunlanadi
Rejaga ko‘ra, mamlakat 2045-yilgacha ko‘mir, neft va gazdan foydalanishni to‘liq to‘xtatishni maqsad qilgan.

Germaniya hukumati 2045-yilgacha qazilma yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish rejasini e’lon qildi. Tegishli hujjat 23-sentyabr kuni taqdim etilgan.
Reja Germaniyaning atrof-muhit masalalari bo‘yicha vaziri Karsten Shnayder tomonidan BMT Bosh assambleyasida taqdim etildi. Germaniya shu kabi rejani qabul qilgan Fransiya va Niderlandiyadan keyingi uchinchi yirik davlat bo‘ldi.
Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 55 foizdan 80 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, shamol elektr stansiyalari quvvatini 12 GVtga oshirish va quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 215 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Rejada ko‘mir elektr stansiyalaridan 2038-yilgacha to‘liq voz kechish ham belgilangan. Bunda ushbu muddatni 2035-yilgacha qisqartirish imkoniyati mavjud. Hujjatda o‘tish davrida qazilma yoqilg‘idan foydalanish davom etishi qayd etilgan.
The Guardian nashrining yozishicha, ekologik tashkilotlar mamlakatlarning ilgari mavhum “uglerod neytralligi”ga erishish bo‘yicha va’dalar bergani, hozir esa qazilma yoqilg‘idan to‘liq voz kechishga qaratilgan aniqroq rejalarni qabul qilayotganini ijobiy o‘zgarish sifatida baholagan.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligining iqlim siyosati bo‘yicha sobiq maxsus vakili, eko-faol Jennifer Morganning ta’kidlashicha, bunday reja “faqat boshlang‘ich nuqta” hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, belgilangan maqsadlarga erishish uchun Germaniya transport va isitish tizimlarini elektrlashtirish borasida yanada ko‘proq sa’y-harakat qilishi kerak.








