“O‘sishdagi raqamlar emas, oilalar hayotidagi o‘zgarish muhim” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident raisligidagi yig‘ilishda Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotining joriy yil birinchi yarmidagi ko‘rsatkichlari qayd etildi. Unga ko‘ra, ushbu davrda Andijon iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz va investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgan.
Davlat rahbari erishilgan iqtisodiy natijalarni baholashda faqat raqamlarga emas, ularning aholi turmushiga ta’siriga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
“Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, viloyatning harakatchan aholisi, kuchli tadbirkorlik muhiti, ko‘p sonli yoshlar, shakllangan sanoat maktabi va katta ichki bozor kabi imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 10 yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Banklar tomonidan esa tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 90 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m yo‘naltirilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda hokimlarga berilgan vakolatlar hamda yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar aniq natijalarga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.








