“O‘tmishga nisbatan nafrat kelajakdan mahrum bo‘lish bilan barobardir” — To‘qayev
Qozog‘iston Prezidenti jamiyatni doimiy ravishda aybdor izlashdan voz kechishga chaqirdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev jamiyatni o‘tmishga nisbatan nafrat va doimiy ravishda aybdor izlash kayfiyatidan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
To‘qayev tarixni to‘g‘ri tushunish muhim ko‘nikmalardan biri ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, o‘tmishni doimiy ravishda salbiy baholash kelajak haqidagi tasavvurlarga ham ta’sir qilishi mumkin.
“Doimo kimnidir aybdor deb izlaydigan va o‘z muvaffaqiyatsizliklarini oqlashga harakat qiladigan shaxsni yoki butun bir millatni qanday kelajak kutmoqda?” — degan Qozog‘iston rahbari.
U bunday yondashuvlardan voz kechish, yosh avlodni qo‘rqoqlik, aybdor izlash va haddan tashqari xavotirdan himoya qilish zarurligini ta’kidlagan.
Prezident yoshlar o‘z millati tarixidan faxrlanishi va mamlakat kelajagiga ishonch bilan qarashi kerakligini qayd etgan.
To‘qayev Qozog‘iston xalqi tarix davomida ko‘plab sinovlarni boshdan kechirganiga qaramay, o‘zining matonati va yashash irodasini saqlab qolganini aytgan.
U ajdodlar an’analari, din, ona tili va milliy o‘zlikni asrab-avaylash bilan birga, innovatsiya va bunyodkorlikka intilish zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, davlat rahbari yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib, mamlakat kelajagi ta’lim va tarbiyaga bog‘liqligini qayd etgan.








