Pokiston Afg‘onistonga zarba berdi: Qandahorda portlashlar ovozi eshitildi
Pokiston ushbu zarbalar Kobuldan amalga oshirilgan dron hujumiga javob bo‘lganini aytdi.

Pokiston Afg‘onistonning janubidagi Qandahor shahrida dronlarni uchirish va saqlash uchun foydalanilgan infratuzilmaga zarba berganini maʼlum qildi.
Pokiston axborot vaziri Ataulloh Tarorning aytishicha, zarbalar avvalroq Kobuldan amalga oshirilgan dron hujumiga javoban uyushtirilgan. Uning taʼkidlashicha, Pokiston havo mudofaasi ushbu hujumni qaytargan.
Qandahorda bir nechta portlash ovozlari eshitilgani haqida Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohid TOLO News‘ga maʼlum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida zarar yetmagan.
Pokiston rasmiylari Kobuldan Afg‘oniston hududida faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarga qarshi choralar ko‘rishni talab qilgan.
Ayni paytda Afg‘oniston tomoni Pokistonga dron hujumi uyushtirilgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. TOLO News manbasiga ko‘ra, Afg‘oniston havo kuchlari hozirgacha Pokistonga dron hujumi amalga oshirmaganini bildirgan.
Mazkur voqea Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. 21-sentyabr kuni Pokiston Paktika va Kunar viloyatlaridagi nishonlarga havo zarbalari berganini maʼlum qilgan. Pokiston rasmiylari zarbalar natijasida 28 nafar jangari yo‘q qilinganini bildirgan bo‘lsa, Afg‘oniston rasmiylari va BMT uch nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini qayd etgan.
Afg‘oniston tomoni avvalgi zarbalarga javob berishini bildirgan.








