O'zbekiston

Elektr ta’minotidagi uzilishlar vaqtida bartaraf etilmasa, kompensatsiya to‘lanadi

Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish choralari jadallashtiriladi.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar vaqtida bartaraf etilmasa, kompensatsiya to‘lanadi

 

O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar belgilangan muddatlarda bartaraf etilmasa, iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etiladi. Bu prezidentning 22-sentyabr kuni imzolangan PF-202-son farmonida belgilangan.

 

Unga ko‘ra, 2026-yil dekabrgacha elektr ta’minotidagi uzilishlarni belgilangan muddatlarda bartaraf etmaganlik uchun iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmini nazarda tutuvchi hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

 

Loyiha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Ushbu vazifaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan.

 

Shuningdek, tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar jadallashtiriladi.

 

2026-yil noyabr oyida ushbu yo‘nalishda tajribali konsultantlarni jalb qilish maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Dekabr oyida esa xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida konsultantlar jalb qilinadi.

 

2027-yil fevraliga qadar konsultantlar ishtirokida tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

 

Konsepsiyada, jumladan, elektrlashtiriladigan iste’molchilar, shuningdek, tabiiy gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va isitish uchun elektr energiyasidan foydalanayotgan iste’molchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash nazarda tutiladi.

 

Bundan tashqari, elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan maishiy texnikalarni xarid qilishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.

 

2027-yil aprel oyida tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

 

Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ul etib belgilangan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"