Eron reyslarini to‘xtatgan davlatlar aeroportlari ham ishlamasligi mumkin — Mohsen Rizoiy
Eron Oliy Milliy Xavfsizlik kengashi kotibi AQSh sanksiyalari doirasida Eron reyslarini to‘xtatgan qo‘shni davlatlarni javob choralaridan ogohlantirdi.

Eron Oliy Milliy Xavfsizlik kengashi kotibi Mohsen Rizoiy AQSh sanksiyalari doirasida Eron reyslarini to‘xtatgan qo‘shni davlatlar aeroportlariga nisbatan choralar ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Rizoiy bu haqda 23-sentyabr kuni Eron davlat televideniyesiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Uning bayonotiga ko‘ra, agar qo‘shni davlatlar AQSh bilan hamkorlik qilib, Eron reyslarini to‘xtatsa, Tehron bunga javobsiz qolmaydi.
“Agar qo‘shni davlatlar Eron reyslarini to‘xtatishda AQShga qo‘shilsa, ularning aeroportlari ham ishlay olmaydi”, — degan Rizoiy.
Biroq u Eron qanday aniq choralar ko‘rishi yoki ogohlantirish qaysi davlatlarga taalluqli ekanini ochiqlamagan.
Rizoiy, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy inshootlari yoki mamlakat tog‘laridagi obyektlarga hujum qilishi mumkinligini aytib, Eron Qurolli kuchlari bunga javob berishga tayyorligini bildirgan.
Bu bayonotlar AQShning Eron aviatsiya sektoriga nisbatan sanksiyalarini kuchaytirganidan keyin yangragan. AQSh moliya vaziri Skott Bessent 23-sentyabrdan boshlab Eron aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatadigan xorijiy kompaniyalar va aeroportlar ikkilamchi sanksiyalar xavfiga duch kelishini bildirgan. Jumladan, Eron samolyotlariga yonilg‘i quyish, yer usti xizmatlarini ko‘rsatish yoki ularning chiptalarini sotish dollar tizimidan uzilish xavfini tug‘dirishi mumkinligi aytilgan.
Sanksiyalar kuchga kirishi ortidan Eron aviakompaniyalarining ayrim xalqaro qatnovlari bekor qilingan. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda parvozlar davom etgan.








