Ish joyidagi baxtsiz hodisalar: qaysi holatlar tekshiriladi?
Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tartibi tasdiqlandi.

Hukumatning 505-sonli qarori bilan “Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tartibi haqida”gi nizom tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, tabiiy o‘lim, o‘z joniga qasd qilish, jabrlanuvchining o‘z sog‘lig‘iga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jinoyat sodir etish vaqtida jarohatlanish holatlari tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.
Baxtsiz hodisa yuz berganda ish beruvchi jabrlanuvchiga zudlik bilan shifokorgacha bo‘lgan birinchi yordamni ko‘rsatishi, zarur hollarda uni tibbiyot muassasasiga yetkazishni tashkil etishi kerak.
Shuningdek, tegishli organ va tashkilotlar hamda jabrlanuvchining yaqinlarini xabardor qilishi lozim.
Baxtsiz hodisa haqida jabrlanuvchi yoki guvoh darhol bo‘linma rahbariga xabar berishi kerak.
Bo‘linma rahbari esa jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish va uni tibbiyot muassasasiga yetkazishni tashkil etishi, maxsus tekshiruv komissiyasi ish boshlaguniga qadar hodisa joyidagi vaziyat va jihozlarni hodisa sodir bo‘lgan paytdagi holatda saqlashi lozim.
Bundan tashqari, bo‘linma rahbari baxtsiz hodisa haqida ish beruvchi hamda kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga darhol xabar berishi shart.
Quyidagi baxtsiz hodisalar maxsus tekshiriladi:
— bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq xodim bilan yuz bergan guruhli baxtsiz hodisalar — jarohat og‘irligidan qat’i nazar;
— oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir darajadagi zarar yetgan baxtsiz hodisalar;
— o‘lim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalar.








