KDRda qayiq ag‘darilib ketdi: 41 kishi halok bo‘ldi
So‘nggi yillarda mamlakatda suv transporti bilan bog‘liq halokatlarda yuzlab odamlar halok bo‘lgan.

Kongo Demokratik Respublikasidagi Tanganika ko‘lida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘ldi, 49 kishi qutqarildi. Hodisa vaqtida qayiqda taxminan 100 kishi va yuk bo‘lgan.
Al Jazeera xabariga ko‘ra, hodisa payshanba kuni Kongo hududidagi Mapera qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Tanzaniyaning Kigoma portidan KDRdagi Kalemi shahriga yo‘l olgan qayiq ko‘lda cho‘kib ketgan.
Tanganika viloyati transport vaziri Norris Mulongoyi bedarak yo‘qolgan yo‘lovchilarni qidirish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Hodisadan omon qolgan Enni Moyoni Radio Okapi’ga aytishicha, yo‘lovchilar tungi soat 1:00 atrofida uyg‘onib ketganida qayiqning bir tomonga qiyshayganini ko‘rgan.
Kemaning ag‘darilishiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. AP ma’lumotlariga ko‘ra, KDRda kemalar ko‘pincha ortiqcha yuklanadi va ularda qutqaruv nimchalari bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda mamlakatda suv transporti bilan bog‘liq halokatlarda yuzlab odamlar halok bo‘lgan.
KDRda qayiqda harakatlanish ko‘plab aholi uchun eng arzon transport vositasi hisoblanadi. Mamlakatda 100 milliondan ortiq aholi uchun yetarli infratuzilma mavjud emas.
Bu so‘nggi bir oy ichida Kigoma–Kalemi yo‘nalishida yuz bergan ikkinchi yirik halokatdir. 28-avgust kuni MV Pacifique kemasi Kigoma portida yoqilg‘i ortish vaqtida yonib, portlagan. Radio Okapi xabariga ko‘ra, olti nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan, yana biri bedarak yo‘qolgan.
Shuningdek, iyul oyida KDR markazida davlat imtihonlaridan qaytayotgan o‘quvchilarni olib ketayotgan yog‘och qayiq cho‘kib ketishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan.








