Maktablarda o‘quvchilarning sumkalari tekshirilmoqda: elektron sigaretalar topildi
O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlangan bo'lib, ularni saqlaganlik uchun qonunchilikda jarima belgilangan

Profilaktika inspektorlari tomonidan maktablarda o‘tkazilayotgan tekshiruvlar davomida o‘quvchilarning sumkalaridan elektron sigaretalar aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Shuningdek, o‘quvchilar bilan veyp va boshqa taqiqlangan mahsulotlarning noqonuniy muomalasiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda elektron sigaretalar va nikotin iste’mol qilish moslamalarining muomalasi taqiqlangan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, shaxsiy foydalanish uchun bir dona veypni saqlaganlik uchun 1 BHM, ya’ni 440 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi.
Ikki yoki undan ortiq qurilma aniqlangan holatlarda esa 100–200 BHM miqdorida jarima hamda qurilmalarni musodara qilish nazarda tutilgan. Bu miqdor 88 mln so‘mgacha yetishi mumkin.
Profilaktika tadbirlari doirasida maktablarda o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.








