Netanyaxuning BMTdagi nutqiga norozilik: delegatsiyalar zalni tark etdi
Isroil bosh vaziri chiqib ketmaganlarni ham zalni tark etishga chaqirgan.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlash uchun minbarga chiqqanida bir nechta davlat delegatsiyalari norozilik sifatida zalni tark etdi. Bu haqda Sky News xabar berdi.
Netanyaxu minbarga taklif qilinganidan so‘ng, o‘nlab diplomatlar o‘rinlaridan turib, chiqish tomon yo‘l olgan. Shu paytda zalda norozilik hayqiriqlari ham yangragan.
Nutqining boshida Netanyaxu hali zalni tark etmaganlarni ham chiqib ketishga chaqirgan.
«Agar bu xonani hali tark etmagan axloqiy qo‘rqoqlar bo‘lsa, iltimos, hozir chiqib ketinglar», — degan u.
Shuningdek, Isroil bosh vaziri Isroil delegatsiyasi zalni tark etgan ko‘plab davlatlarni himoya qilishini taʼkidlagan.
Shu bilan birga, Isroil delegatsiyasi va boshqa ayrim vakillardan iborat auditoriyaning bir qismi Netanyaxuni olqishlagan.
So‘nggi yillarda Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasining umumiy siyosiy munozaralarida nisbatan kam sonli auditoriya qarshisida nutq so‘zlab kelmoqda.
Maʼlumot uchun, 2024-yil 21-noyabrda Xalqaro jinoyat sudi Benyamin Netanyaxu hamda Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berdi. Ularga G‘azodagi vaziyat bilan bog‘liq urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Isroil Xalqaro jinoyat sudining yurisdiksiyasini tan olmasligini bildirgan.








