Sirdaryodagi yangi IES da avariyaviy o'chish: Qozog‘iston ham “svetsiz” qoldi
Elektr ta’minotini tiklash uchun zaxira quvvatlar va energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi.

25-sentabr kuni soat 05:05 da Sirdaryo viloyatida joylashgan EDF kompaniyasiga tegishli yangi issiqlik elektr stansiyasida 1600 MVt quvvat avariyaviy tarzda o‘chdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda stansiyada sinov-sozlash ishlari olib borilmoqda.
Stansiyaning avariyaviy o‘chishi ortidan avariyaga qarshi avtomatika ishga tushib, respublikaning ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan. Jumladan, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suv nasoslari hamda aholi iste’molchilarining elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Elektr ta’minotini tiklash jarayonida energiya saqlash tizimlari va elektr stansiyalaridagi zaxira quvvatlar ishga tushirilib, iste’molchilar bosqichma-bosqich tarmoqqa qayta ulangan. Hozirda elektr ta’minotidan uzilgan barcha iste’molchilar tarmoqqa qayta ulangan.
Mazkur hodisa Qozog‘iston energetika tizimiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Soat 05:02 da O‘zbekiston energiya tizimida 1516 MVt quvvat ishlab chiqarishning uzilishi Markaziy Osiyo energiya tizimida elektr energiyasi oqimining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Natijada Shimol-Janub tranzitida bo‘linish yuzaga kelgan.
Qozog‘iston energetika tizimida iste’molchilarga qo‘yilgan cheklovlar hajmi 962 MVtni tashkil etgan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish avtomatikasi — avtomatik chastotali tushirish (AFR) va maxsus avtomatik yuklamani o‘chirish (SAON) tizimlari odatiy rejimda ishlagani qayd etilgan.
Soat 05:43 da Qozog‘iston yagona energiya tizimining Janubiy zonasi hamda Markaziy Osiyo yagona energiya tizimining Qozog‘iston energetika tizimi bilan parallel ishlashi qayta tiklangan. Shundan so‘ng iste’molchilarga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash bo‘yicha buyruq berilgan.








