Turizm, aviatsiya va investitsiyalar: O‘zbekiston Turkiya bilan hamkorlikni kengaytiradi
Turkiya investorlari ishtirokida mehmonxona majmualarini barpo etish, turk mehmonxona brendlarini jalb qilish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Turkiyaning turizmni boshqarish, turistik hududlarni rivojlantirish, zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini yaratish va raqamli texnologiyalardan foydalanish borasidagi tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish, forum va B2B uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Turkiya investorlari ishtirokida O‘zbekiston hududlarida zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish hamda turk xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakatga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Aviatsiya yo‘nalishida esa “Turkish Airlines” va boshqa Turkiya aviakompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasi va imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Kappadokiya universiteti bilan hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mutaxassislarni jalb qilish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyatini Turkiya bozorida keng targ‘ib qilish masalasi ham muhokama qilindi. Shu maqsadda TRT, Turkiya Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, media va press-turlar tashkil etish, raqamli platformalar, blogerlar va OAV imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, Turkiyada saqlanib qolgan “O‘zbek karvonsaroylari”ni O‘zbekistonning turizm va madaniyat markazlariga aylantirish, ular orqali mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ziyorat turizmi, Imom Buxoriy merosi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda kino va seriallar orqali O‘zbekistonning turistik salohiyatini Turkiya auditoriyasiga yetkazishga qaratilgan qo‘shma medialoyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.
Bundan tashqari, TİKA bilan turizm va ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda grant mablag‘larini jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasidagi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi.
Xususan, yarmarka doirasida “O‘zbekiston–Turkiya” turizm bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, Turkiya turizm sohasi vakillarining milliy stend bilan ishtirokini ta’minlash hamda “Invest Forum” tadbirida Turkiyaning hamkor davlat sifatida qatnashishi bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik oqimni oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, aviaqatnovlarni rivojlantirish va turizm sohasida tajriba almashinuvini kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlandi.








