Xususiy OTMga kiritish va’dasi: IIO inspektori va yana ikki kishi ushlandi
Fuqaroga Toshkentdagi xususiy oliygohning 3-bosqichiga Rossiyada ikki yil o‘qiganini tasdiqlovchi soxta hujjatlar orqali kiritish va’da qilingan.

Toshkentda soxta hujjatlar asosida xususiy oliygohning 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar qo'lga olindi.
1997-yilda G‘allaorol tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkentda yashovchi shaxs fuqaroning ishonchiga kirgan. U tanishlari yordamida fuqaroni go‘yoki Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalaridan birida ikki yil o‘qiganini tasdiqlovchi soxta hujjatlar asosida Toshkentdagi xususiy oliygohning 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Buning evaziga 8 ming dollar talab qilib, 7,5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu 7,5 ming dollarni undan olgan 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida Yakkasaroy tumani IIO FMB inspektor-psixologi ham noqonuniy ishga aloqador ekani aniqlangan. Inspektor ham 7,5 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzarlik holatlariga duch kelgan taqdirda, 1520 qisqa raqamiga xabar berishga chaqirdi. Xabar bergan shaxsning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.








