10 yillik qidiruv: AQSHda o‘zbekistonlik erkakning ishi sudda ko‘rilmoqda
U ISHID va “An-Nusra fronti”ga moddiy yordam ko‘rsatishga urinishda ayblanmoqda.

O‘zbekiston fuqarosi va keyinchalik AQSH fuqaroligini olgan Dovud Ansoriy, shuningdek, Kozimjon G‘ofurov nomi bilan tanilgan shaxs ISHID va «An-Nusra fronti»ga moddiy yordam ko‘rsatishga urinish hamda bu borada til biriktirishda ayblanmoqda. Uning ishi AQSHning Nyu-York Sharqiy okrugi federal sudida ko‘rilmoqda.
AQSH Adliya vazirligi maʼlum qilishicha, Ansoriy 2026-yil 23-sentyabrda Gruziyadan AQSHga ekstraditsiya qilingan. U 2026-yil avgust oyida Tbilisida hibsga olingan.
Federal prokuratura maʼlumotlariga ko‘ra, Ansoriy Bruklinda faoliyat yuritgan radikallashgan shaxslar tarmog‘iga rahbarlik qilgan. Tergovchilarning taʼkidlashicha, guruh Suriyaga borib, ISHID yoki «An-Nusra fronti» safida jang qilishni rejalashtirgan shaxslarning safarini moliyalashtirish uchun mablag‘ to‘plagan.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, 2013-yilda Ansoriy va uning sheriklari kamida uch kishining Suriyaga borishini moliyalashtirgan. AQSH rasmiylari ushbu shaxslarning keyinchalik Suriyada halok bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, guruh Suriyaga ketgan shaxslarning oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ham mablag‘ yig‘gani aytilmoqda.
Ansoriy 2016-yil may oyida, gumon qilingan sheriklaridan biri hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, AQSHdan chiqib ketgan. Shundan so‘ng u AQSHga qaytmagan va qariyb o‘n yil davomida qidiruvda bo‘lgan.
Bruklindagi federal katta hakamlar hayʼati unga nisbatan ayblov xulosasini 2021-yil noyabr oyida chiqargan. Unga ISHID va «An-Nusra fronti»ga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida til biriktirish hamda bunday yordamni amalga oshirishga urinish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
AQSH rasmiylarining maʼlum qilishicha, ish bo‘yicha tergovda bir qator federal va mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishtirok etgan. Ansoriyning Gruziyadan AQSHga ekstraditsiya qilinishida Gruziya va AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorlik qilgan.
Agar sudda ayblovlar isbotlansa, Ansoriy 35 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Biroq hozircha unga qo‘yilgan ayblovlar sud hukmi bilan tasdiqlanmagan va u qonunga ko‘ra aybi isbotlanmaguncha aybsiz hisoblanadi.







