AI milliardlab o‘limga sabab bo‘lishi mumkin — Bill Geyts
Microsoft asoschisi sun’iy intellekt xavflari haqida ogohlantirib, AI ustidan davlat nazorati kuchaytirilishi kerakligini aytdi.

Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt yomon niyatli shaxslar tomonidan qo‘llanilgan taqdirda, milliardlab odamlarning o‘limiga olib keladigan voqealarni yuzaga keltirish uchun yetarlicha kuchli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. U bu haqda NBC telekanalining “Meet the Press” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Geytsning aytishicha, insoniyat ilgari “yomon niyatli odamlar va eng yangi sun’iy intellekt vositalari” uyg‘unligidek kuchli qurolga ega bo‘lmagan. U AI’dan zararli maqsadlarda foydalanish keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.
U sun’iy intellekt kompaniyalarining texnologiyani o‘zlari nazorat qilishi yetarli emasligini bildirgan. Uning fikricha, hukumatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va siyosatchilar AI uchun xavfsizlik talablari hamda monitoring mexanizmlarini ishlab chiqishda ishtirok etishi kerak.
“Bu sanoat uchun ma’lum qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi, ammo texnologik rivojlanishni keskin sekinlashtirmaydi”, deya Geytsning so‘zlarini keltiradi nashrlar.
Geytsning ogohlantirishi AI bilan bog‘liq xavfsizlik masalalari kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. U avvalgi chiqishlarida ham sun’iy intellektdan kiberhujumlar, firibgarlik, dezinformatsiya va xavfli biologik vositalarni yaratishda foydalanish ehtimolidan xavotir bildirgan.
Shu bilan birga, Geytsning bayonoti AI albatta milliardlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ladi degan prognoz emas. U texnologiyaning yomon niyatli shaxslar qo‘lida shunday miqyosdagi zarar yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini nazarda tutgan.







