Bog‘chadagi jinsiy zo‘ravonlik holati: Bolalar ombudsmani vazirlikka taqdimnoma kiritdi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligidan bog‘chalarda bolalar xavfsizligini taʼminlash choralarini kuchaytirish talab qilindi.

Bolalar ombudsmani maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchi bolaga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga taqdimnoma kiritdi.
Tegishli hujjat joriy yil 22 sentyabr kuni Bolalar ombudsmanining vakolatlari doirasida kiritilgan.
Taqdimnomada mazkur holat yuzasidan o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda masʼul xodimlarning belgilangan tartibda javobgarligi masalasini hal etish so‘ralgan.
Shuningdek, hodisaning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini taʼminlash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish talab etilgan.
Jumladan, respublikadagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini taʼminlash choralarini kuchaytirish, xodimlarning kasbiy vazifalarini bajarishi ustidan manzilli tekshiruvlar tashkil etish hamda bolalar xavfsizligiga qaratilgan ichki nazorat mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ko‘rsatilgan.
Qonunchilikka muvofiq, vazirlik taqdimnoma ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida 15 kun muddat ichida Bolalar ombudsmaniga tegishli hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda maʼlumot taqdim etishi kerak.
Bolalar ombudsmani davlat organlari faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishni davom ettirishini maʼlum qildi.








