“Mojaroga aralashmaymiz”: Makron Saudiya Arabistoniga qo‘shin yuborilishini e’lon qildi
Emmanuel Makron harbiylar mudofaa vazifasini bajarishini va Parij mintaqadagi mojaroga aralashmasligini ta’kidladi.

Fransiya Saudiya Arabistonining Qizil dengiz sohilidagi Yanbu portidagi energetika infratuzilmasini himoya qilish uchun harbiy kuchlarini yuboradi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya Yanbudagi neftni qayta ishlash zavodi va xom neft quvurini himoya qilish uchun askarlar, radar tizimlari va mudofaa vositalarini joylashtiradi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan kelishilgan.
Fransiya prezidenti Parij mintaqadagi mojaroning o‘ziga qo‘shilmasligini ham ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, fransuz harbiylarining vazifasi energetika obyektlarini himoya qilishdan iborat bo‘ladi.
Yanbu Saudiya Arabistonining Qizil dengizdagi muhim energetika markazlaridan biri bo‘lib, mamlakatga neftni Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tgan holda eksport qilish imkonini beruvchi infratuzilmaga ega.
So‘nggi kunlarda Saudiya Arabistonining energetika obyektlari va neft eksport yo‘nalishlariga hujumlar kuzatilgan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 11-sentabrdagi dron hujumidan keyin Sharq-G‘arb neft quvuri faoliyati to‘xtagan, 22-sentabr kuni esa uning ishlashi qayta tiklangan. Biroq quvur to‘liq quvvatga chiqishi uchun bir necha hafta kerak bo‘lishi mumkin.
Makron, shuningdek, Fransiya energetika ta’minotidagi ehtimoliy uzilishlarning oldini olish uchun muqobil manbalarni izlayotgani va xalqaro hamkorlar bilan energiya xavfsizligi masalasini muhokama qilayotganini bildirgan.







