“Tramp bo‘g‘ozi”: AQSH prezidenti Hurmuz xaritasini yangi nom bilan eʼlon qildi
U avvalroq bo‘g‘ozni shu nom bilan atashni taklif qilgan edi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Hurmuz bo‘g‘ozi «Tramp bo‘g‘ozi» deb belgilangan xaritani eʼlon qildi.
Xaritada Hurmuz bo‘g‘ozi doira ichiga olingan va uning yonida «Trump Strait» — «Tramp bo‘g‘ozi» degan yozuv aks ettirilgan. Tramp xaritaga izoh qoldirmagan.
AQSH prezidenti bundan avval ham Hurmuz bo‘g‘ozini o‘z nomi bilan qayta atashni taklif qilgan. 2-sentyabr kuni u bo‘g‘oz AQSH nazoratida ekanini aytib, uni «Tramp bo‘g‘ozi» deb atash kerakligini bildirgan. 9-sentyabr kuni esa Tramp bu g‘oyani yana bir bor tilga olib, AQSH bo‘g‘ozni nazorat qilayotganini taʼkidlagan.
Hurmuz bo‘g‘ozi Eron va Ummon oralig‘ida joylashgan strategik dengiz yo‘li bo‘lib, jahon energetika savdosida muhim ahamiyatga ega. AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro fonida bo‘g‘ozdagi kemalar qatnovi jiddiy buzilgan.
Avvalroq Vashington va Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali dengiz qatnovini tiklash bo‘yicha memorandum imzolagan edi. Biroq keyinchalik tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va harbiy qarama-qarshiliklar sabab kelishuvning amalga oshirilishi ortga surilgan.







