Tramp Eronning 7 kunlik sulh taklifini rad etdi — WSJ
AQSH prezidenti Eronga zarbalar qayta boshlanishini kutayotganini bildirgan.
Donald Tramp Eronning yetti kunlik sulh va Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish taklifini rad etgan. Bu haqda The Wall Street Journal AQSH rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp yordamchilariga noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AQSH Kongressi oraliq saylovlaridan keyin Eronga qarshi bombardimonlar qayta boshlanishini kutayotganini bildirgan. Biroq kelgusidagi zarbalar ko‘lami hozircha nomaʼlum.
WSJ maʼlumotiga ko‘ra, Tramp Eron yetti kunlik kelishuv shartlariga amal qilishiga shubha bilan qaragan. Shu bilan birga, nashr manbalari prezidentning pozitsiyasi yaqin haftalarda o‘zgarishi mumkinligini istisno qilmagan.
Eron tomonidan ilgari surilgan rejaga ko‘ra, AQSH Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilishi, muzlatilgan Eron aktivlarini ozod qilishi va neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatishi kerak. Buning evaziga Tehron Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish va yadroviy muzokaralarni boshlashga tayyorligini bildirgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining maʼlum qilishicha, yetti kunlik reja doirasida avval harbiy harakatlarni to‘xtatish va Hurmuz bo‘g‘ozini ochish, keyin esa yadroviy masalalar bo‘yicha muzokaralarni boshlash ko‘zda tutilgan.
Tramp esa BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Eron bilan kelishuvga erishish mumkinligini bildirgan, biroq Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini taʼkidlagan.








