Abu-Dabidagi maxfiy uchrashuv: Netanyaxu BAA prezidenti bilan uchrashdi
Uchrashuv mavzusi va tafsilotlari rasman maʼlum qilinmagan.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 27-sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklariga maxfiy tashrif buyurib, Abu-Dabida mamlakat prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi. Bu haqda Reuters isroillik yuqori martabali amaldorga tayanib xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Netanyaxu ertalab shaxsiy samolyotda Abu-Dabiga uchgan va kun davomida BAAda bo‘lgan. U kechqurun Isroilga qaytgan. Tashrif oldindan eʼlon qilinmagan.
Uchrashuvning asosiy mavzusi hozircha ochiqlanmagan. Netanyaxu idorasi tashrif tafsilotlariga izoh bermagan, BAA tomoni ham dastlab rasmiy munosabat bildirmagan.
Netanyaxuning Abu-Dabiga tashrifi Isroilda 2023-yil 7-oktyabrdagi Hamas hujumi oldidan BAA tomonidan berilgani aytilayotgan ogohlantirishlar yuzasidan bahslar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
“Haaretz” nashri sentyabr oyida 2023-yilda BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Netanyaxu bilan bog‘lanib, Hamas tomonidan yirik hujum tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgani haqida xabar bergan. Mazkur xabar yuzasidan Netanyaxu va BAA rasmiylari ilgari turli ayblovlarni rad etgan.
Shu sababli Abu-Dabidagi uchrashuvning aynan mazkur masala bilan bog‘liqligi hozircha rasman tasdiqlanmagan. Uchrashuvda nimalar muhokama qilingani haqida ham tomonlar maʼlumot bermagan.








