Bir avlod sigareta chekmaydi: 2015-yildan keyin tug‘ilganlarga umrbod tamaki taqiqi taklif qilinmoqda
Shuningdek, 2040-yildan boshlab tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni to‘liq to‘xtatish rejalashtirilmoqda.

Turkiyada tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni kamaytirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Hujjatda 2015-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan shaxslarning butun umri davomida tamaki mahsulotlarini sotib olishi va iste’mol qilishini taqiqlash taklif etilmoqda.
Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi qariyb bir yildan beri ishlab chiqayotgan qonun loyihasini oktabr oyida Turkiya parlamentiga taqdim etish rejalashtirilgan. Hujjat hali loyiha bosqichida bo‘lib, uning yakuniy bandlari parlament muhokamasi davomida o‘zgarishi mumkin.
Takliflardan biriga ko‘ra, 2015-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilganlar kelgusida tamaki mahsulotlarini nafaqat iste’mol qila olmaydi, balki ularni sotib olish ham taqiqlanadi. Bu orqali tamaki iste’moliga jalb qilinmaydigan yangi avlodni shakllantirish maqsad qilingan.
Loyihada tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishga oid uzoq muddatli cheklov ham bor. Unga ko‘ra, 2040-yildan boshlab mamlakatda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni to‘liq to‘xtatish taklif etilmoqda.
Shuningdek, restoranlarning yopiq va ochiq qismlarida chekishni taqiqlash, parklar, bog‘lar hamda davlat binolari hududlarida esa tashqaridan ko‘rinmaydigan maxsus chekish joylarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Maqsad bolalar va yoshlarning jamoat joylarida chekishni ko‘rishini kamaytirish ekani aytilgan.
Qonun loyihasida sigaretalar qadoqlarini standartlashtirish, “slim” deb ataladigan ingichka sigaretlarni muomaladan chiqarish hamda voyaga yetmaganlarga tamaki mahsulotlari sotilishini nazorat qilishni kuchaytirish kabi choralar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Yangi cheklovlar Turkiyada tamaki iste’moli yuqori darajada qolayotgan bir paytda taklif qilinmoqda. Anadolu agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda 15 yosh va undan katta aholining 33,2 foizi tamaki mahsulotlaridan foydalangan. Erkaklarda bu ko‘rsatkich 46 foiz, ayollarda esa 20,6 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, mamlakatda sigaret savdosi 2012-yildagi qariyb 91 ming tonna va 4,5 milliard qutidan 2025-yilda 160 ming tonna va 8 milliard qutigacha oshgani qayd etilgan.
Hozircha mazkur choralar qonun sifatida qabul qilinmagan. Yakuniy qoidalar, ularning kuchga kirish muddati va ijro mexanizmlari qonun loyihasi parlamentga kiritilib, muhokama qilinganidan so‘ng aniqlanadi.








