Bog‘chadagi fojia: 3 yoshli bola kimyoviy vositani ichib, vafot etdi
Bola shifoxonaga olib borilgan, biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 3 yoshli bolaning vafot etgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Maʼlum qilinishicha, fojiali hodisa 2026-yil 28-avgust kuni sodir bo‘lgan. 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi tashkilot oshxonasida hasharotlarga qarshi ishlatiladigan BSM vositasini ichib qo‘ygan. Bola zudlik bilan Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘la olmagan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, bolaning buvisi mazkur tashkilot oshxonasida autsorsing tashkiloti xodimi — oshpaz bo‘lib ishlagan. Hodisa tarbiyalanuvchining buvisi yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda yuz bergani aytilmoqda.
Hozirda vakolatli organlar tomonidan bolaning oshxonaga qanday kirgani, kimyoviy vosita nima sababdan uning qo‘li yetadigan joyda bo‘lgani hamda mazkur vositani saqlash uchun kim masʼul bo‘lgani atroflicha o‘rganilmoqda.
Holat yuzasidan tergov va surishtiruv ishlari davom etmoqda. Hodisa bo‘yicha yakuniy xulosa vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra beriladi. Aybdorligi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi bildirilgan.








