Bolalarga zo‘ravonlik: javobgarlikni kuchaytiruvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi
Hujjat 29-sentyabr kuni deputatlar muhokamasiga qo‘yiladi.

"Adolat" SDP fraksiyasi tashabbusi bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini keskin kuchaytirishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yig‘ilishida loyiha navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Uni ko‘rib chiqish uchun Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan.
Qonun loyihasi 29-sentyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.








