Kaspiydagi mashg‘ulotlarda harbiylar qutqaruv nimchalarisiz qolgan — To‘qayev
Qozog‘iston prezidenti fojia sabablarini va xavfsizlik choralariga rioya etilishini tekshirishni topshirdi.

Qosim-Jomart To‘qayev Kaspiy dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida harbiy xizmatchilar zarur jihozlar, jumladan, dengiz qutqaruv nimchalari bilan ta’minlanmaganini ma’lum qildi.
Bu haqda u 27-sentabr kuni Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan o‘tkazgan yig‘ilishda aytgan. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, To‘qayev harbiy xizmatchilarning xavfsizligi bilan bog‘liq talablar bajarilmaganiga alohida e’tibor qaratgan.
To‘qayev hukumat komissiyasiga mashg‘ulotlarni tayyorlash va o‘tkazish, harbiylarni zarur vositalar bilan ta’minlash hamda xavfsizlik choralariga rioya etilishi uchun mas’ul mansabdorlarning harakatlarini tekshirishni topshirgan.
Prezident, shuningdek, mashg‘ulotlar rejasini kim ishlab chiqqani va tasdiqlagani, Bosh shtab tomonidan ishlar qanday muvofiqlashtirilgani hamda Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni nima sababdan mashg‘ulotlarda bo‘lmagani yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan.
To‘qayev harbiy xizmatchilarning tinchlik davrida halok bo‘lishini ofitserlar, jumladan, generallar tomonidan yo‘l qo‘yilgan, uning ta’rificha, “jinoiy xarakterdagi noprofessionallik” bilan bog‘lagan. U armiyadagi tizimli muammolarni bartaraf etish va harbiy sohada islohotlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan.
Fojia 24-sentabr kuni Mang‘istov viloyatida Kaspiy dengizidagi “Xazar qorag‘oni — 2026” harbiy mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergan edi. Harbiy xizmatchilarni “Qaysar” kateridan tushirish vaqtida ob-havoning keskin yomonlashuvi va kuchli shamol oqibatida 17 nafar harbiy dengizga olib ketilgan. Ulardan 3 nafari qutqarilgan, 14 nafari halok bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ish xizmatga beparvo munosabat va kemani boshqarish qoidalarini buzish bilan bog‘liq moddalar asosida yuritilmoqda. Shuningdek, Mudofaa vazirligining bir qator mansabdor shaxslari, jumladan, yuqori va katta qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi xodimlar hibsga olingan.
27-sentabr kuni To‘qayev Mudofaa vaziri Dauren Kosanovni lavozimidan ozod qilib, harbiy idora rahbari etib Aydo‘s Mirsaxmetovni tayinlagan.








