Netanyaxudan Erdog‘anga javob: xalqaro sudga murojaat qilishga tayyorlanmoqda
Isroil bosh vaziri Turkiya prezidentiga qarshi Xalqaro jinoyat sudida ish ochish imkoniyatini o‘rganish uchun huquqiy hujjatlar tayyorlashni buyurdi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anga qarshi Xalqaro jinoyat sudida (XJS) ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan huquqiy ishni tayyorlashni topshirgan. Bu haqda i24NEWS manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyaxu Isroilning idoralararo guruhi va xalqaro huquq departamenti direktoriga tegishli hujjatlarni tayyorlashni buyurgan.
i24NEWS xabarida aytilishicha, ehtimoliy ishda Turkiyadagi kurd ozchiligiga munosabat masalasiga asosiy e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Erdog‘an hukumati tomonidan Hamasni moliyalashtirish bilan bog‘liq da’volar ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Isroil huquqiy hujjatlarni XJSga bevosita taqdim etishi mumkin, biroq i24NEWS manbalariga ko‘ra, buning uchun vositachi tomon jalb qilinishi ehtimoli yuqori. Isroil ham, Turkiya ham XJSning yurisdiksiyasini tan olmaydi, chunki har ikki davlat Rim statutiga qo‘shilmagan.
Manbalarning ta’kidlashicha, Isroil ishni amalda sudga kiritmasligi ham mumkin. Xabarga ko‘ra, huquqiy ishning o‘zi Erdog‘anga nisbatan bosim va tiyib turuvchi vosita sifatida ko‘rilmoqda. Netanyaxu va Isroil Adliya vazirligi vakillari i24NEWS so‘roviga izoh bermagan.
Bu voqea Turkiya va Isroil o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Avvalroq Erdog‘an Netanyaxuga qarshi Interpol orqali “qizil ogohlantirish” berilishini so‘ragani haqida xabarlar tarqalgan edi.








