Toshkentda Bo'rijar ko'chasi qayta nomlandi: endi u Pekin ko'chasi
Tegishli qaror xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilindi.

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanining Rakatboshi mahallasidagi Bo‘rijar ko‘chasi Pekin ko‘chasi deb qayta nomlandi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 25-sentyabrdagi qarorida belgilangan.
Qayd etilishicha, ko‘chani qayta nomlash bo‘yicha Yakkasaroy tumani hokimligining taklifi ma’qullangan. Masala Toshkent shahar Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyasining 29-iyundagi yig‘ilishida ham ko‘rib chiqilgan.
Ko‘cha nomi o‘zgargani sababli undagi ko‘chmas mulk obyektlarining manzillari ham yangilanadi. Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasiga ushbu ishlarni ikki oy ichida yakunlash va manzili o‘zgargan shaxslarni xabardor qilish topshirilgan.
Shuningdek, shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi uch oy muddatda ko‘chadagi ko‘rsatkich va peshlavhalarni yangi nomga moslashtirishi kerak.
Yakkasaroy tumani hokimligi va boshqa mas’ul tashkilotlarga tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritish hamda aholiga ko‘chaning yangi nomi haqida tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan.
Qaror rasman e’lon qilingan kundan kuchga kirgan.








