14 yoshga to‘lmagan bolalarga jinsiy tajovuz uchun umrbod qamoq: Qonunchilik palatasida taklif ko‘rib chiqilmoqda
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirish, jabrlangan bolalarni tergov va sud jarayonlarida himoya qilish hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish taklif etilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Hujjat bilan voyaga yetmaganlarga, xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash yoki unga nisbatan boshqa og‘ir jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka va jazoga tortishda muddat o‘tganligi qo‘llanmasligi taklif etilmoqda. Ya’ni, bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikka tortish yoki jazoni ijro etish muddati o‘tganligi sababli javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilinmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda qator boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Hujjatda faqat jazo choralarini kuchaytirish bilan cheklanib qolmasdan, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlarini tergov va sud jarayonlarida himoya qilishga qaratilgan normalar ham belgilanishi taklif etilmoqda.
Jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchini yuzlashtirishni maxsus tartibda o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Bolaga yaqin shaxslar tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan holatlarda esa jinoyat ishini sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.








