22 nafar o‘quvchi zaharlandi: maktab yonidagi paxta dalasiga dori sepilgan
G‘uzorda paxta dalasiga erta yetilishni taʼminlash maqsadida dori sepilgani ortidan o‘quvchilarda ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kuzatilgan.

23-sentyabr kuni soat 11:45 atrofida Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 51-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabining o‘quvchilari ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Ichki ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, dastlab 21 nafar o‘quvchi tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. O‘rganishlar davomida maktab joylashgan “Yangiobod” mahallasiga tutash hududda “Shohmalik Shermurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligiga tegishli jami 88 gektar yer maydoni mavjudligi, shundan 20 gektari maktab atrofida joylashgani aniqlangan. Ushbu maydonlarga paxta ekilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 23-sentyabr kuni soat 09:00 larda fermer xo‘jaligi tomonidan paxtaning erta yetilishini taʼminlash maqsadida “Agro Augron” nomli dori vositasi sepilgan. Shundan so‘ng 10–11-sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilarda zaharlanish alomatlari kuzatilgan.
Tibbiyot muassasasiga olib kelingan o‘quvchilarga dastlab “oshqozon dispepsiya sindromi” tashxisi qo‘yilgan. Hozirda 7 nafar o‘quvchi G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanmoqda. Sog‘lig‘i yaxshilangani sababli qolgan 15 nafar o‘quvchi yashash manziliga javob berilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voqea sabablariga huquqiy baho berish uchun tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








