Banklar kredit berishda faqat uy-joy qiymatiga tayanmasligi kerak — Markaziy bank
Banklarga kredit ajratishda garovdagi uy-joy qiymatidan ko‘ra, qarz oluvchining kreditni qaytarish imkoniyatini asosiy mezon sifatida baholash tavsiya etildi.

Markaziy bank tijorat banklariga fuqarolarning o‘zi va oila a’zolari doimiy yashaydigan yagona uy-joyini kredit uchun garovga qabul qilishda ularning manfaatlari hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy oqibatlarni hisobga olishni tavsiya etdi.
Regulyatorning qayd etishicha, banklar bunday kreditlarni ajratishda, avvalo, qarz oluvchining kreditni qaytarish imkoniyatini sinchiklab baholashi kerak. Uy-joyning qiymati va uni sotish imkoniyati kredit ajratishning asosiy omiliga aylanmasligi lozim.
Imkon bo‘lgan hollarda banklarga kreditni ta’minlashning boshqa usullarini ham ko‘rib chiqish tavsiya etildi.
Shuningdek, kredit shartnomasi imzolanishidan oldin mijozga qarz qaytarilmagan taqdirda yagona uy-joyga undiruv qaratilishi va natijada uy sotilishi mumkinligi aniq va tushunarli tarzda tushuntirilishi kerak.
Agar fuqaro o‘zining yagona uy-joyini boshqa shaxs yoki tadbirkorning krediti uchun garovga qo‘ysa, kreditni bevosita o‘zi olmagan bo‘lsa ham, qarz qaytarilmagan taqdirda uning uy-joyiga undiruv qaratilishi mumkin.
Markaziy bank qarzdorlik yuzaga kelgan holatlarda ham banklarga undiruv choralarini qo‘llashdan oldin qarz oluvchining moliyaviy holatini o‘rganishni tavsiya etdi. Shuningdek, kreditni restrukturizatsiya qilish yoki qarzdorlikni tartibga solishning boshqa imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya qilingan.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, ushbu tavsiyalar yagona uy-joyni garovga qo‘yishni taqiqlamaydi. Ularning maqsadi kredit ajratishda mijozning to‘lov imkoniyatini to‘g‘ri baholash, ehtimoliy oqibatlarni oldindan tushuntirish va mas’uliyatli kreditlash amaliyotini kuchaytirishdan iborat.








