Global innovatsiya indeksi: O‘zbekiston 139 ta davlat orasida 77-o‘rinni egalladi
Mamlakat o‘tgan yilgi natijasiga nisbatan ikki pog‘ona yuqorilagan.

O‘zbekiston 2026-yilgi Global innovatsiya indeksi (GII) reytingida 139 ta mamlakat orasida 77-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan ikki pog‘ona yuqori ko‘rsatkichdir.
Global innovatsiya indeksi Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Portulans instituti, korporativ va akademik tarmoqlar hamda GII maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlanadi. Reyting mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion rivojlanish darajasini 80 ga yaqin indikator asosida baholaydi.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston quyi va o‘rta daromadli 36 ta mamlakat orasida 8-o‘rinni, Markaziy va Janubiy Osiyodagi 11 ta davlat orasida esa 4-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston innovatsiyalarga yo‘naltiriladigan sarmoya va resurslarni ifodalovchi “innovation input” subindeksida 68-o‘rinni qayd etgan. Innovatsiyalar natijadorligini ko‘rsatuvchi “innovation output” subindeksida esa mamlakat 78-o‘ringa ko‘tarilgan. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha bir yil ichida 14 pog‘onali o‘sish qayd etilgan.
Ayrim indikatorlarda O‘zbekiston yuqori natijalarni ko‘rsatgan. Jumladan, “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” bo‘yicha 2-o‘rin, “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” bo‘yicha 3-o‘rin, “Startap va skaylaplarni moliyalashtirish” bo‘yicha 4-o‘rin hamda “Mehnat unumdorligi o‘sishi” bo‘yicha 7-o‘rin qayd etilgan.
O‘zbekiston Global innovatsiya indeksida ilk bor 2015-yilda ishtirok etgan. O‘sha yili mamlakat 141 ta davlat orasida 122-o‘rinni egallagan. 2025-yilda esa 139 ta mamlakat orasida 79-o‘rin qayd etilgan.
2026-yilgi natija O‘zbekistonning 2030-yilgacha GII reytingida dunyoning yetakchi 60 ta innovatsion davlati qatoriga kirish maqsadi doirasida belgilangan ko‘rsatkichlardan biridir. 2026-yil uchun esa 77-o‘rin maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan.








