“Men ularga hech narsa taklif qilganim yo‘q”: Tramp Eron sanksiyalarini yumshatish taklifini rad etdi
AQSH prezidenti muzlatilgan aktivlarni ochish taklifi berilgani haqidagi xabarlarni “yolg‘on” deb atadi.

Donald Tramp Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish evaziga Tehronga qarshi sanksiyalarni yumshatish yoki muzlatilgan mablag‘larini ochish taklifi berilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Tramp bu haqda Truth Social‘dagi sahifasida maʼlum qildi. U Axios nashrining AQSH Eron yadroviy dasturi bo‘yicha aniq qadamlar tashlashi evaziga sanksiyalarni yumshatish va muzlatilgan mablag‘larni ochishga tayyor ekani haqidagi xabarini yolg‘on deb atadi.
Avvalroq Axios va CNN AQSH maʼmuriyatidagi manbalarga tayanib, Tramp Tehron yadroviy masalada “aniq” qadamlar tashlasa, sanksiyalarni yumshatish hamda muzlatilgan mablag‘larni chiqarishga rozi bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Shu bilan birga, Reuters AQSH maʼmuriyati Eron va Iroq o‘rtasida diniy ziyoratchilar tashuvini amalga oshiruvchi reyslarga nisbatan cheklangan sanksiya istisnosini berishni rejalashtirayotganini xabar qildi. Istisno Iraqi Airways aviakompaniyasining Eron va Najaf shahri o‘rtasidagi reyslariga taalluqli bo‘lishi kutilmoqda.
Eron esa avvalroq AQSHning dengiz blokadasi va neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish evaziga Hurmuz bo‘g‘ozini yetti kun ichida ochishni taklif qilgan edi. Tramp 27-sentyabr kuni bu taklifni rad etib, uni maqbul emas deb atagan.








