Rossiya naqd rubl olib chiqishga cheklov qo‘ydi: O‘zbekiston ham ro‘yxatda
Jismoniy shaxslar uchun limit 1 mln rubl etib belgilandi, qoidani buzganlarda belgilangan limitdan ortiq summa olib qo‘yiladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdan naqd Rossiya rublini olib chiqish tartibini kuchaytiruvchi farmonni imzoladi. Yangi tartib 2026-yil 29-sentabrdan kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan Rossiyadan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqish taqiqlanadi.
Qoidalar buzilgan taqdirda, jismoniy shaxsdan 1 mln rubldan ortiq bo‘lgan summa olib qo‘yilishi mumkin. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa mazkur davlatlarga naqd rubl olib chiqish summadan qat’i nazar taqiqlangan.
Shu bilan birga, farmonda ayrim istisnolar ham nazarda tutilgan. Jumladan, jismoniy shaxslar hukumat tomonidan belgilanadigan xalqaro aeroportlar orqali 1 mln rubldan ortiq mablag‘ni olib chiqishi mumkin. Buning uchun naqd pulning fuqaroning bank hisobvarag‘i yoki omonatidan yechib olinganini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi yoki boshqa belgilangan hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Bundan tashqari, xalqaro tranzit tashuvlari, Rossiyaning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari faoliyatini ta’minlash hamda ayrim davlat ehtiyojlari bilan bog‘liq holatlar uchun ham alohida istisnolar belgilangan.
Mazkur cheklov Rossiyada 2026-yil 1-apreldan amal qilib kelayotgan naqd rublni YeOII davlatlariga olib chiqish tartibining yangilangan shakli hisoblanadi. Avval jismoniy shaxslar uchun limit 100 ming AQSh dollari ekvivalentida belgilangan edi. Yangi farmon bilan limit 1 mln rubl etib o‘zgartirildi va cheklov O‘zbekiston, Ozarbayjon hamda Tojikistonga ham tatbiq etildi.








