AQSh-Eron muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirdi — Axios
Qatar vositachilari ikki tomon o‘rtasida kelishuvga erishishga urinmoqda, biroq hozircha natija yo‘q.

Qatar vositachiligida AQSh va Eron o‘rtasida olib borilgan diplomatik muzokaralarda hozircha sezilarli yutuqqa erishilmadi. Bu haqda Axios muzokaralardan xabardor uchta manbaga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qatar vositachilari ikki tomon o‘rtasida murosaga erishish uchun yangi taklif bilan chiqqan. Unga ko‘ra, Eronning yadroviy dasturiga nisbatan muayyan cheklovlar evaziga AQShning Eron sohillaridagi dengiz blokadasini bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Qatarlik vositachi Ali al-Tavadi dushanba kuni Nyu-Yorkda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va uning jamoasi bilan uchrashgan. Keyinroq u AQSh vakillari, jumladan, prezidentning maxsus vakili Jared Kushner bilan muzokara o‘tkazgan. AQSh vitse-prezidenti Vens ham uchrashuvning bir qismida qatnashgan.
Dastlab AQSh rasmiylari muzokaralarni “ijobiy va konstruktiv” deb baholagan va Eron yadroviy masalada muayyan moslashuvchanlik ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan edi. Shuningdek, Tramp ma’muriyati yadroviy dasturini cheklash evaziga Tehronga sanksiyalarni yumshatish hamda muzlatilgan mablag‘larni ochish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Donald Tramp bunday taklif berilganini rad etgan.
Axios manbalariga ko‘ra, muzokaralar davomida tomonlar asosiy masalalarda o‘z pozitsiyalarini o‘zgartirmagan. Bir manba jarayonni “boshi berk ko‘cha” deb baholab, Eron AQSh qabul qila olmaydigan talablarni ilgari surayotganini aytgan.
Xususan, Tehron AQShning dengiz blokadasini bekor qilishni talab qilmoqda. Vashington esa Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha aniq cheklovlar joriy etilishini istamoqda. Donald Tramp avvalroq Eron tomonidan ilgari surilgan Hurmuz bo‘g‘ozini ochish rejasini ham rad etgan edi.
Reuters xabariga ko‘ra, Qatar shu bilan birga diplomatik vositachilikni davom ettirish niyatida. Doha tomonlar o‘rtasidagi aloqa saqlanib qolayotganini va muzokaralarni kelishuv sari olib borish mumkinligiga umid qilayotganini bildirgan.








