Bill Geyts AI haqidagi xavotirlarini o‘zgartirdi — Tramp
AQSh prezidenti Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellektning insoniyat uchun xavfi haqidagi avvalgi xavotirlarini o‘zgartirganini aytdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Microsoft asoschisi Bill Geytsning sun’iy intellektning ehtimoliy xavflari haqidagi qarashlari o‘zgarganini ma’lum qildi.
Tramp bu haqda Oq uyda yirik texnologik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng gapirdi. Uning aytishicha, Geyts endi sun’iy intellekt bir milliard odamning o‘limiga olib kelishi mumkin, degan fikrni ilgari surmayapti.
“U endi bunday demayapti. Yakshanba kuni nima degani menga ahamiyatsiz, chunki kecha u umuman bunday demadi. Aslida, u buning aksini aytdi”, — degan Tramp.
Prezident Geytsning sun’iy intellekt bo‘yicha xavotirlarini global isish haqidagi xavotirlarga o‘xshatdi.
Bill Geyts 27-sentabr kuni NBC telekanalining “Meet the Press” dasturida sun’iy intellektni nazorat qilish masalasida hukumat va qonunchilar faolroq ishtirok etishi kerakligini aytgan. U xavfsizlik choralarini faqat kompaniyalarning o‘zini o‘zi tartibga solishiga qoldirish yetarli emasligini ta’kidlagan.
Geyts avvalgi chiqishlarida ham AI’ning nazoratsiz rivojlanishi jiddiy xavflarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Reuters xabariga ko‘ra, u siyosatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va texnologiya kompaniyalari xavfsizlik mexanizmlarini ishlab chiqishda birgalikda ishtirok etishi kerakligini bildirgan.
Sun’iy intellektni rivojlantirish va uni tartibga solish bo‘yicha bahslar so‘nggi kunlarda AQShda kuchaydi. Anthropic, OpenAI va boshqa kompaniyalar vakillari AI xavfsizligi masalasida ehtiyotkorlikni kuchaytirishga chaqirayotgan bir paytda, Tramp texnologik taraqqiyotni sekinlashtirishga qarshi ekanini bildirgan.
29-sentabr kuni Tramp yirik texnologik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, AI xavfsizligi bo‘yicha ixtiyoriy kelishuvni ham e’lon qilgan.








