Janni Infantino O‘zbekistonda: FIFA delegatsiyasi ikki kunlik tashrif bilan keldi
FIFA delegatsiyasi O‘zbekistonda qator futbol obyektlari va loyihalari bilan tanishadi.

FIFA prezidenti Janni Infantino boshchiligidagi delegatsiya 29–30-sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
FIFA delegatsiyasini O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikramov hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov kutib oldi.
Tashrif doirasida O‘zbekistonda futbolni yanada ommalashtirish, futbol infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator loyihalar hamda obyektlar bilan tanishish rejalashtirilgan.
Shuningdek, muzokaralarda O‘zbekiston futbolini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni professional sportga jalb etish, shuningdek, mamlakatda futbolni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha hamkorlik masalalariga e’tibor qaratiladi.








