Maktablarga talab oshadi: joriy yilda 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi
Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi.

O‘zbekistonda maktablarda o‘quvchi o‘rinlariga bo‘lgan talabni qoplash va xususiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etilishi ma’lum qilindi.
Joriy o‘quv yilida mamlakat maktablarining 1-sinfiga 800 ming nafar bola qabul qilingan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘p. 2030-yilga borib birinchi sinfga qabul qilinadigan bolalar soni 1 million nafarga yetishi kutilmoqda.
Hozirda har yili investitsiya dasturlari hisobidan maktablarda 180–200 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilmoqda.
O‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochilishini qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmlari belgilanishi aytildi.
Unga ko‘ra, mazkur hududlarda maktab tashkil etish uchun tadbirkorlarga 7 yil muddatga 10 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Shuningdek, maktabni ochish va jihozlash xarajatlarining 15 foizigacha, ko‘pi bilan 1,5 milliard so‘m subsidiya beriladi.
Bundan tashqari, barcha tumanlarda bo‘sh turgan davlat binolarini xususiy maktab tashkil etish uchun 10 yil muddatga bepul ijaraga berish imkoniyati yaratiladi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish xarajatlarining 50 foizini qoplab beriladi.
Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasini 3 million so‘mdan 6 million so‘mgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu o‘zgarish oilalarga yiliga 6–7 million so‘mgacha mablag‘ni tejash imkonini berishi kutilmoqda.








