“Mojaroni muzlatish kerak”: Toqayev Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha taklif bildirdi
Qozog‘iston prezidenti Ukrainadagi harbiy harakatlarni muzlatib, shundan so‘ng diplomatik muzokaralarga o‘tish kerakligini aytdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Ukrainadagi harbiy harakatlarni muzlatib, keyinchalik diplomatik muzokaralarga o‘tish zarurligini bildirdi.
Toqayev bu haqda 29 sentyabr kuni Berlinda Germaniya kansleri Fridrix Merz bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi.
Uning taʼkidlashicha, Qozog‘iston boshidanoq Ukraina xalqi, uning tarixi, madaniyati, anʼanalari va tiliga hurmat bilan qaragan.
“Men urushni darhol to‘xtatishimiz kerak, demadim. Hozirgi sharoitda bu, ehtimol, real bo‘lmasligi mumkinligini tushunaman. Men Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni muzlatish haqida gapiryapman — shundan so‘ng diplomatik yoki boshqa muzokaralarga o‘tish mumkin”, — degan Toqayev.
Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, Vladimir Putinni “ajoyib davlat arbobi” deb atadi va Rossiya rahbariga Ukrainadagi mojaroni tugatish bo‘yicha uning pozitsiyasini tushunganidan minnatdor ekanini bildirgan.
Toqayev Ukrainadagi mojaro bo‘yicha bunday pozitsiyani avval ham ilgari surgan. 25 iyul kuni Omsk shahrida Putin bilan uchrashuvi chog‘ida u jangovar harakatlarni muzlatish va Istanbuldagi muzokaralar formulasiga qaytish mumkinligini aytgan edi.
O‘sha paytda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning pozitsiyasini hisobga olgan holda mojaroni muzlatishning “o‘zi imkonsiz” ekanini bildirgan. Avgust oyida prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ham Rossiya pozitsiyasi mojaroni muzlatishni istisno qilishini aytgan.
Toqayevning 29 sentyabrdagi bayonoti Germaniya bilan muzokaralar fonida yangragan. Qozog‘iston prezidenti mamlakatning Ukraina masalasidagi yondashuvida davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyiliga amal qilishini ham taʼkidlagan.








